Oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar va gender tengligini ta’minlash yo‘nalishida kadrlarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etish to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Ushbu Nizom Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tizimida faoliyat olib borayotgan mas’ul xodimlarning malakasini oshirishning (keyingi o‘rinlarda – malaka oshirish kurslari) maqsad va vazifalarini, ulardan o‘tish, shuningdek, maxsus o‘quv kurslarining o‘quv jarayonini tashkil etish va tinglovchilarning bilimini baholash tartibini belgilaydi.
- Malaka oshirish kurslari O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi xodimlari, viloyat boshqarmalari, tuman (shahar)lar bo‘limlari xodimlari, mahallalardagi xotin-qizlar faollarining kasbiy malakasini oshirishga yo‘naltirilgan.
- Malaka oshirish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar va gender tengligini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar xodimlarining ishtiroki tavsiya xususiyatiga ega.
- Malaka oshirish kurslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari huzurida tashkil etiladi.
2-bob. Malaka oshirish kurslarining maqsadi va vazifalari
- Malaka oshirish kurslarining maqsadi Qo‘mita tizimi xodimlari, shuningdek, mahalladagi xotin-qizlar faollarining xotin-qizlar va oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, gender tengligini ta’minlash, ular bilan tizimli ishlarni tashkil etish, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, sog‘lomlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.
- Quyidagilar malaka oshirish kurslarining vazifalari hisoblanadi:
- qo‘mita xodimlari, mahalladagi xotin-qizlar faollarining kasbiy bilimi, ko‘nikmasi va mahoratini uzluksiz yangilab borish, oila va xotin-qizlar bilan ishlashda zamonaviy bilim, ko‘nikma va malakalari, shuningdek, kasbiy tayyorgarligini oshirish;
- xotin-qizlarni oila, mahalla va mehnat jamoalarida ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va ma’naviyatini yuksaltirishga ko‘maklashish;
- yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini hamda mediativ usullarini o‘rgatish, ajralishlarning oldini olish hamda oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash sohasida xodimlarning malakasini oshirish;
- xotin-qizlarning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish, ularni kasanachilik, hunarmandchilik va boshqa shaklda o‘z-o‘zini band qilishlari bo‘yicha xodimlarning tegishli kompetentligini oshirish;
- soha xodimlarining ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar bilan yakka tartibda hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni olib borish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishini ta’minlash.
3-bob. Malaka oshirish o‘quv kurslaridan o‘tish tartibi
Ushbu Nizomning 2-bandida nazarda tutilgan xodimlar har uch yilda bir marta bepul malaka oshirishdan o‘tadi.
- Malaka oshirish o‘quv kurslaridan o‘tish tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha tasdiqlangan malakaviy talablar, o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq tashkil etiladi. O‘quv rejalari va dasturlari har yili oila hamda xotin-qizlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari asosida takomillashtiriladi.
- O‘quv yuklamasining eng ko‘p hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
- O‘quv yuklamasining umumiy hajmi fanlar bloklari bo‘yicha, kadrlar buyurtmachisi tomonidan belgilanadigan qayta tayyorlashga talablardan kelib chiqqan holda taqsimlanadi.
- Malaka oshirish kurslarida o‘qish Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda – institut) tomonidan tasdiqlangan 36 soatlik o‘quv dasturlari bo‘yicha bir hafta davomida ishdan ajralgan holda amalga oshiriladi.
- Institut Qo‘mita, joylarda davlat oliy ta’lim tashkilotlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari bilan birgalikda har yili malaka oshirish kurslaridan o‘tishning belgilangan davriyligiga muvofiq o‘qitish yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirish kurslari tinglovchilarining tarkibi va reja-jadvalni shakllantiradi hamda tasdiqlaydi.
- Malaka oshirish o‘quv kurslariga kelgan tinglovchilarni qabul qilish tasdiqlangan reja-jadval asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
- Tasdiqlangan reja-jadvalga kiritilgan va malaka oshirish o‘quv kurslariga o‘qishga yo‘llangan tinglovchilarning asosiy ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi o‘qish davrida saqlanib qoladi.
- Malaka oshirish o‘quv kurslariga yo‘llangan tinlovchilarga ta’lim olish joyiga bir marta borib kelish, yashash xarajatlari ularni yuborayotgan tomon hisobidan belgilangan tartibda qoplanadi.
- Tinglovchilar har bir modul yakunida oraliq testlar va umumiy malaka oshirish kursi oxirida yakuniy test topshiradi. Testdan kamida 71 foiz o‘zlashtirish ko‘rsatkichini qayd etgan tinglovchilar kursdan muvaffaqiyatli o‘tgan deb hisoblanadi.
- Malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli yakunlay olmagan tinglovchilar malaka oshirish kursida qayta ishtirok etadi.
- Belgilangan muddatda malaka oshirish kursining o‘quv materiallarini o‘zlashtirmagan va yakuniy testlarni muvaffaqiyatli topshira olmagan tinglovchilarga sertifikat berilmaydi hamda ular bir yil muddatda belgilangan tartibda qayta malaka oshirishdan o‘tadi.
- Mahalladagi xotin-qizlar faollarining malaka oshirish kurslarida ishtirok etishini ta’minlashga Qoraqalpog‘iston Respublikasi oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari mas’ul hisoblanadi.
- Malaka oshirish jarayonida guruhdagi kurs tinglovchilarining soni 50 nafardan oshmasligi lozim.
4-bob. Malaka oshirish kurslarini tashkil etishda manfaatdor vazirlik va idoralarning vazifalari
- Institut:
- malaka oshirish kurslari tinglovchilari uchun o‘quv reja, o‘quv dasturlar va materiallarni tayyorlaydi, muntazam yangilab boradi, ilmiy-uslubiy ko‘maklashadi va o‘quv-metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
- malaka oshirish tizimiga o‘qitishning zamonaviy shakl va metodlarini, ilg‘or pedagogik texnologiyalarini joriy etadi;
- Qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan birgalikda malaka oshirish bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda ularning doimo yangilanishini ta’minlaydi;
- malaka oshirish tizimini takomillashtirish mexanizmlari va usullarini belgilaydi;
- malaka oshirish tizimiga o‘qitishning zamonaviy shakl va metodlarini, ilg‘or pedagogika, axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalarini joriy etadi;
- malaka oshirish tinglovchilariga zarur metodik yordam berish, modullarni o‘zlashtirish, mashg‘ulotlarni bajarish yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
- malaka oshirish kurslarida ta’lim olish va o‘qitish jarayoni monitoringini olib boradi va natijalarini Qo‘mitaga taqdim etadi;
- malaka oshirish kurslari uchun tayyorlangan o‘quv materiallari elektron tizimga joylanishi, mavjud kontentning yangilanishi, malaka oshirish kursining faoliyatini sifatli tarzda tashkil etadi;
- malaka oshirish kurslarining texnik ta’minotini amalga oshiradi.
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
- malaka oshirish kurslari o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi;
- malaka oshirish o‘quv kurslarida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun oliy ta’lim muassasalarining yuqori malakali professor-o‘qituvchilar tarkibini jalb etishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
5-bob. O‘quv jarayonini tashkil etish va tinglovchilarningbilimlarini baholash
Malaka oshirish o‘quv kurslari tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha malakaviy talablar, o‘quv rejalari va dasturlarini hisobga olgan holda, kurslar faoliyatini va resurs ta’minotini byudjetdan tashqari moliyalashtirish asosida, tinglovchilarni o‘qitish uchun moddiy-texnik baza, professor-o‘qituvchilar tarkibi mavjud bo‘lgan holda tashkil etiladi.
Mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar tarkibi shartnoma asosida jalb etiladi.
- Malaka oshirish kurslarida o‘quv mashg‘ulotlarining quyidagi asosiy turlari qo‘llanadi:
- ma’ruza, interaktiv seminar, amaliy mashg‘ulot, sayyor mashg‘ulot, tajriba almashish, mustaqil o‘qish, onlayn va offlayn dars mashg‘ulotlari.
- Tegishli axborot-metodik va tashkiliy-texnik baza mavjud bo‘lgan taqdirda maxsus o‘quv kurslari masofadan o‘qitish usullari qo‘llangan holda tashkil etilishi mumkin.
- Malaka oshirish kurslaridagi o‘quv jarayoni guruhlarning to‘ldirilishiga bog‘liq holda tinglovchilar soni, qoidaga ko‘ra, kamida 30 kishidan iborat guruhlarda tashkil etiladi.
- Malaka oshirish o‘quv kurslarida mashg‘ulotlar o‘tkazishga shartnoma asosida yuqori malakali kadrlar, xorijiy mutaxassislar, o‘quv-uslubiy xodimlar va amaliyotchi mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
- Malaka oshirish o‘quv kurslari tinglovchilarini baholashni tashkil etish va o‘tkazish uchun Qo‘mita markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari tomonidan tegishli sohalarning ilg‘or mutaxassislari orasidan kamida 3-5 kishidan iborat komissiya shakllantiriladi.
- Malaka oshirish o‘quv dasturlari talablarini muvaffaqiyatli bajargan tinglovchilarga ushbu Nizomning ilovasiga muvofiq sertifikat beriladi.
- Tinglovchilar malaka oshirish o‘quv kurslarini tashkil qilish va o‘tkazish jarayonlari bo‘yicha malaka oshirish o‘quv kurslari mas’ul tashkilotning xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.